“O‘zbekiston — 2030” strategiyasini
“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat
dasturi to‘g‘risida
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan
keng ko‘lamli islohotlarni 2024-yilda samarali amalga oshirish, xalqimizning
kundalik hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishish bo‘yicha tizimli harakatlarni
izchil davom ettirish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga asoslangan yuqori
iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash, ekologik holatni yaxshilash, suv va
boshqa tabiiy resurslardan unumli foydalanish standartlarini keng joriy qilish
hamda xalq manfaatlariga yo‘naltirilgan boshqaruv tizimini yanada
takomillashtirish maqsadida:
1. 2024-yil 1-martdan boshlab alohida ishlash
talab etiladigan, shuningdek, iste’dodli va iqtidorli yoshlar Mahallalarda
yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika
komissiyasi qarori bilan “Yoshlar balansi” asosida vazirlik va idoralar,
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va
tashkilotlar hamda oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlariga biriktirilsin. Bunda
mazkur rahbarlar:
har oyda kamida bir marotaba o‘zlariga
biriktirilgan yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolarini hal qilish va
salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga
o‘qitish orqali bandligini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi, shuningdek,
huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama ko‘maklashib borsin;
o‘zlariga biriktirilgan yoshlar muammolarini
hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish uchun tegishli tashkilotning
budjetdan tashqari mablag‘lari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa
manbalar hisobidan zarur mablag‘larni Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan
tartib asosida yo‘naltirishga ruxsat etilsin.
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ullar etib Mahallalarda yoshlar bilan ishlash
masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi, Yoshlar ishlari
agentligi (A. Sa’dullayev) hamda yoshlar biriktirilgan vazirlik va idoralar
belgilansin.
2. Yoshlarning salohiyati, iste’dodi va
tashabbuslarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish maqsadida “Besh tashabbus
olimpiadasi” doirasida:
2024-yil 1-martdan boshlab mahalla, ta’lim
muassasalari, korxona va tashkilotlar tizimida mukofot jamg‘armasi 600 million
so‘m miqdorida xorijiy tillar (“Ibrat farzandlari”) bo‘yicha tanlovlar,
kibersport musobaqalari va “Zakovat” intellektual o‘yinlari yuqori saviyada
tashkil etilsin;
Yoshlar ishlari agentligi va mahalliy hokimliklar
tomonidan kasblar tanlovida g‘olib bo‘lgan yoshlarni o‘z hududlarida
jihozlangan ustaxonalar bilan “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari
hisobidan ta’minlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ul etib Yoshlar ishlari agentligi (A. Sa’dullayev)
belgilansin.
3. Yoshlar ishlari agentligi, Ekologiya,
atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Iqtisodiyot va
moliya vazirligining ekologiya, sog‘lom turmushni targ‘ib qilish kabi ijtimoiy
ahamiyatga molik 100 ta volontyorlik loyihalari bo‘yicha birinchi bosqichda
bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha mablag‘ni tanlov asosida
ajratish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
4. Yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni keng
ommalashtirish va biznes bilan shug‘ullanishga qo‘shimcha imkoniyatlarni
yaratish maqsadida:
a) oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida
ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizi yoshlar tadbirkorligini
rivojlantirishga yo‘naltirilsin;
b) 2024-yil 1-iyundan boshlab quyidagilarni
nazarda tutuvchi “Yosh tadbirkor” tanlovlarini o‘tkazish amaliyoti yo‘lga
qo‘yilsin:
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tanlov
asosida “mahalla — tuman — viloyat — respublika” bosqichlarida yoshlarning
istiqbolli biznes loyiha va g‘oyalari saralanadi. Bunda, nogironligi bo‘lgan
yosh tadbirkorlarning loyiha va g‘oyalariga alohida e’tibor qaratiladi;
respublika bosqichida saralashdan o‘tgan har
bir loyihaga bazaviy hisoblash miqdorining 1 000 baravarigacha miqdordagi
imtiyozli kreditlar ajratiladi;
g‘olib bo‘lgan biznes loyiha va g‘oyalar
egalari Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan xorijiy
davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi.
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ullar etib Yoshlar ishlari agentligi (A. Sa’dullayev),
Savdo-sanoat palatasi (D. Vaxabov) va O‘zbekiston nogironlar uyushmasi
belgilansin.
5. 2024-yil 1-martdan boshlab “Har bir
mahalladan ikki nafar dasturchi” dasturi joriy etilsin.
Bunda, ushbu dastur doirasida:
mahallalarda yoshlar yetakchilari tomonidan
mahalla faollari ishtirokida axborot texnologiyalari va kompyuter dasturlash
sohasiga qiziquvchi yoshlar aniqlanib, ularni ingliz va boshqa xorijiy tillarga
o‘qitish hamda sertifikatlar olishini tashkil etish, sertifikat olgan yoshlar
to‘g‘risida ma’lumotlarni Raqamli texnologiyalar vazirligining maxsus axborot
tizimiga kiritib borish amaliyoti joriy qilinishi;
Raqamli texnologiyalar vazirligi,
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan maxsus axborot
tizimiga kiritilgan yoshlarni IT sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlarga
yo‘naltirish va ishga joylashtirishga ko‘maklashish choralari ko‘rilishi
belgilansin.
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ullar etib O‘zbekiston mahallalari uyushmasi (K.
Kuranbayev), Yoshlar ishlari agentligi (A. Sa’dullayev), Raqamli texnologiyalar
vazirligi (Sh. Shermatov) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari belgilansin.
6. 2024-yil 1-martdan boshlab:
“Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘larini
yoshlarni chet tillari va kasb-hunarga o‘qitish maqsadlariga yo‘naltirish
amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin;
yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish
bo‘yicha “Ustoz” maxsus platformasi ishga tushirilsin va dastlabki bosqichda
mazkur platforma orqali 250 ming nafar yoshlar qamrab olinishi ta’minlansin;
yosh xotin-qizlarni tadbirkorlik, marketing,
grafik-dizayn kabi zamonaviy kasblarga o‘rgatish uchun “Qizlar akademiyasi”
platformasi ishga tushirilsin va bu orqali yosh xotin-qizlar uchun turli
tanlov, loyihalar, o‘quv oromgohlari, stajirovkalar tashkil etilsin.
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ullar etib Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik
vazirligi (B. Musayev), Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi (O. Parpiboyeva) va
Yoshlar ishlari agentligi (A. Sa’dullayev) belgilansin.
7. Milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning
asosiy omili sifatida biznes uchun yanada qulay sharoitlarni yaratish maqsadida
“Biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturi” doirasida 2024-yil yakuniga qadar:
kompleks qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini
amalga oshirish orqali 2 million aholini biznesga jalb qilish;
yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali 5
million aholining bandligini ta’minlash uchun zarur sharoitlar yaratilsin.
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ul etib Bosh vazir o‘rinbosari — J. Qo‘chqorov
belgilansin.
8. 2024-yil 1-iyuldan boshlab nufuzli xalqaro
brendlar bilan ishlab chiqarishni boshlayotgan korxonalarga:
xalqaro standartlarni joriy etish va ekologik
sertifikatlash xarajatlarini qoplab berish tartibi joriy qilinsin;
uch yil davomida nufuzli xalqaro brendlar
ostida ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun zarur bo‘lgan barcha xomashyolar
mahalliylashtirish darajasini kamida 60 foizga yetkazish sharti bilan bojxona
bojidan ozod etilsin;
nufuzli xalqaro brendlardan jalb qilingan
texnolog, dizayner, marketolog kabi mutaxassislardan O‘zbekiston Respublikasi
hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma
berilganligi uchun to‘lovlar undirilishi bekor qilinsin.
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ul etib Savdo-sanoat palatasi (D. Vaxobov) hamda
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (L. Qudratov) belgilansin.
9. 2024-yil 1-maydan boshlab fuqarolar va
tadbirkorlik subyektlari uchun yangi majburiy to‘lovlar va yig‘imlarni
faqatgina qonunda belgilash amaliyoti kiritilsin.
10. Keng jamoatchilik bilan muhokamalarda
bildirilgan takliflar asosida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni
qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi (keyingi
o‘rinlarda — Davlat dasturi) doirasida quyidagilar:
2024-yilga mo‘ljallangan yo‘nalishlar
kesimidagi amaliy tadbirlar rejalari 1 — 5-ilovalarga
muvofiq;
2024-yilda yo‘nalishlar kesimida ishlab
chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ro‘yxatlari 6 — 10-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Bunda, yo‘nalishlar kesimida 2024-yilga
mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2023-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli
va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-300-son qarori bilan tasdiqlanganligi ma’lumot
uchun qabul qilinsin.
11. Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga
chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yo‘nalishi doirasida 2024-yilda:
Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarning
bilimlarni baholash tizimi qo‘shimcha 1 000 ta umumiy o‘rta ta’lim
muassasalarida joriy qilinib, fanlardagi amaliy mashg‘ulotlar ulushi 60
foizgacha oshirilsin;
6,7 million nafar 40 va undan katta yoshdagi
aholi orasida yurak-qon tomir, qandli diabet, o‘pkaning surunkali obstruktiv
kasalliklari xavfini aniqlash bo‘yicha profilaktik ko‘riklar tashkil etilsin;
7,5 ming nafar yoshlar zamonaviy kasblarga
o‘qitilishi, xalqaro imtihon tizimlarida chet tillari bo‘yicha yuqori ball
olgan 6 ming nafar yoshlarning imtihon xarajatlari qoplab berilishi
ta’minlansin;
10 million nafar aholini yugurish, futbol,
voleybol, stol tennisi, shaxmat, milliy va belbog‘li kurash kabi sport turlari
bo‘yicha marafon va musobaqalarni tashkil etish orqali ommaviy sportga jalb
qilish choralari ko‘rilsin;
2024-yilda Parij shahrida o‘tkaziladigan
Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish uchun kamida
140 ta litsenziyani qo‘lga kiritish maqsadida 15 ta olimpiya va paraolimpiya
markazida hamda Toshkent shahri, Andijon va Toshkent viloyatlaridagi 14 ta
sport bazasida barcha zarur sharoitlar yaratilsin.
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ullar etib tegishincha Maktabgacha va maktab ta’limi
vazirligi (X. Umarova), Sog‘liqni saqlash vazirligi (A. Xudayarov),
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B. Musayev), Yoshlar ishlari
agentligi (A. Sa’dullayev), Sport vazirligi (A. Ikramov), O‘zbekiston Milliy olimpiya
qo‘mitasi (O. Kasimov), O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi (M.
Tashxodjayev) belgilansin.
12. Quyidagilar:
a) 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va
Toshkent shahrining 1 tadan tumanida (shahrida) sinov tariqasida “Mening
maktabim” loyihasi amalga oshirilsin hamda buning doirasida Davlat budjeti
mablag‘lari hisobidan maktablarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 barobarida
mablag‘ ajratilib, ushbu mablag‘ 5 — 11-sinf o‘quvchilari tanloviga ko‘ra,
elektron doska, kompyuter, sport jihozlari, kitoblar kabi maktablar uchun zarur
tovarlarga sarflanishi belgilansin;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalari
direktorlarini menejerlik bo‘yicha sertifikatsiyalash tizimi joriy etilsin.
Bunda, direktorlarga malakaviy talablar aniq belgilanib, ular har besh yilda
bir marotaba attestatsiyadan o‘tkazilsin.
b) 2025-yil 1-yanvardan boshlab Maktabgacha va
maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ona tili
va adabiyot hamda tarix fanlari bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar
vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining milliy
baholash tizimida olingan tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan va ushbu
fanlardan dars beruvchi pedagog kadrlarga ularning tarif stavkasiga nisbatan 50
foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanishi belgilansin;
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ul etib Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (X.
Umarova) belgilansin.
13. 2024-yil 1-sentabrdan boshlab Qashqadaryo
va Surxondaryo viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida umumiy o‘rta ta’lim
maktablariga olis hududlardan qatnaydigan o‘quvchilar uchun autsorsing asosida
bepul avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilsin.
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ullar etib Qashqadaryo viloyati hokimligi (M. Azimov) va
Surxondaryo viloyati hokimligi (U. Qosimov) belgilansin.
14. 2024-yil yakuniga qadar ehtiyojdan kelib
chiqib, viloyatlar markazlari, shuningdek, Toshkent va Nukus shaharlarida
kamida bittadan og‘ir gematologik, onkologik va klinik immunologik kasalliklari
bor bemorlarga palliativ yordam ko‘rsatuvchi xospislar tashkil etilsin.
Bunda, xospislarni tashkil etish, ularning
moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va faoliyatiga doimiy ko‘maklashish
loyihalari uchun Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va
fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi
tomonidan grantlar e’lon qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ullar etib Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar
Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.
15. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.
Xudayarov):
a) 2024-yil 1-mayga qadar:
2025-yildan boshlab katta yoshdagi aholi
orasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar xavfli omillarining tarqalganligini
o‘rganish;
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (X.
Umarova) bilan birgalikda 2026-yildan boshlab o‘tkaziladigan maktab
o‘quvchilari orasida tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning tarqalganlik
hamda ularning psixologik holatini o‘rganish bo‘yicha rejani belgilasin;
b) 2024-yil 1-dekabrga qadar Raqamli
texnologiyalar vazirligi (Sh. Shermatov) bilan birgalikda Yagona interaktiv
davlat xizmatlari portali orqali sog‘liqni saqlash sohasida ko‘rsatiladigan
davlat xizmatlari sonini 17 tadan 24 taga yetkazsin va buning doirasida
fuqarolarning onkologik, kardiologik va endokrinologik skriningdan o‘tishi
natijasi, ularni davolash uchun ajratiladigan pullar to‘g‘risida ma’lumot olish
imkoniyatini yaratsin.
16. Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni
qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:
2024-yilda nogironligi bo‘lgan shaxslarni
zamonaviy protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilish texnik vositalari
bilan ta’minlashning yangi tizimi bosqichma-bosqich joriy qilinsin;
2024-yil 1-sentabrdan boshlab pensiya
tayinlashda bir vaqtning o‘zida shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya
hisobvarag‘idagi pulni olish bilan bog‘liq harakatlarni proaktiv tarzda amalga
oshirish, nogironlikni belgilashda esa, nogironligi bo‘lgan shaxslarga
beriladigan imtiyozlar to‘g‘risida xabardor qilish tartibi joriy etilsin;
2024-yil 1-dekabrdan boshlab yolg‘iz
yashayotgan hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga Toshkent
shahrida eksperiment tariqasida tegishli yo‘nalishdagi nodavlat tashkilotlar
orqali Ijtimoiy himoya milliy agentligi mablag‘lari hisobidan ijtimoiy
xizmatlar ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ullar etib Ijtimoiy himoya milliy agentligi (M.
Olloyorov) hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi (O. Fozilkarimov) belgilansin.
17. Og‘ir atletika bo‘yicha milliy sport
maktabining xalqaro nufuzini oshirish maqsadida 2024-yilda og‘ir atletika
bo‘yicha barcha yosh toifasidagi sportchilar bilan individual ishlash tizimini
yaratish hamda ularni professional tayyorgarligini tashkil etish uchun Chirchiq
shahrida Og‘ir atletika markazi tashkil etilsin.
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ullar etib Sport vazirligi (A. Ikramov), O‘zbekiston
Milliy olimpiya qo‘mitasi (O. Kasimov) belgilansin.
18. Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi
farovonligini ta’minlash yo‘nalishi doirasida:
yalpi ichki mahsulot o‘sish sur’ati 6 foizdan
kam bo‘lmagan darajada bo‘lishini, investitsiyalar esa yalpi ichki mahsulot
hajmiga nisbatan kamida 30 foiz bo‘lishini ta’minlash choralari ko‘rilsin;
iqtisodiyot tarmoqlarida qiymati 18 milliard
dollar bo‘lgan 309 ta yirik loyihalar ishga tushirilsin;
yillik inflatsiya darajasi 9 foizgacha va
fiskal taqchillik 4 foizgacha bo‘lishi ta’minlansin, keyinchalik inflatsiya va
Davlat budjeti taqchilligi ko‘rsatkichlarini pasaytirish choralari ko‘rilsin;
iqtisodiyot tarmoqlariga 275 trillion so‘m
kredit resurslarini yo‘naltirish, shu jumladan 41 trillion so‘mlik mikromoliya
xizmatlari ko‘rsatilishi ta’minlansin;
banklar tomonidan taqdim etiladigan kredit
stavkalarini bozor mexanizmlari asosida 2-3 foiz bandga pasaytirish uchun zarur
sharoitlar yaratilsin.
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ullar etib Bosh vazir o‘rinbosari — J. Qo‘chqorov va
Markaziy bank (M. Nurmuratov) belgilansin.
19. 2024-yil 1-apreldan boshlab davlat
investitsiya dasturlari doirasida markazlashgan manbalar hisobiga amalga oshiriladigan
yirik loyihalarga sanoat kooperatsiyasi talablari joriy etilsin.
Bunda, loyihalar doirasida mahalliy
korxonalarda zarur mahsulotlarni o‘zlashtirish va xarid qilish tavsiya
etiladigan mahsulotlar ro‘yxati, mahalliy mutaxassislarni jalb qilish rejasi va
ularga qo‘yiladigan talablar nazarda tutilsin.
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ullar etib Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (L.
Qudratov) va Iqtisodiyot va moliya vazirligi (B. Xodjayev) belgilansin.
20. Respublikada “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish
uchun qulay sharoitlarni yaratish va “yashil energiya” manbalari salmog‘ini
oshirish maqsadida:
a) 2024-yil 1-aprelga qadar:
“yashil energiya” sertifikatlari aylanmasi
bozor tamoyillari asosida yo‘lga qo‘yilishi ta’minlansin;
xalqaro issiqxona gazi savdosi bo‘yicha
loyihalarni amalga oshirish tartibi tasdiqlansin;
b) 2024-yil 1-apreldan boshlab iqlim
o‘zgarishi sohasida monitoring, hisobot berish va tekshirishning zamonaviy
tizimi (MRV) va ma’lumotlar bazasi bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilsin;
v) 2024-yil yakuniga qadar xorijiy investorlar
ishtirokida Toshkent, Qashqadaryo, Buxoro, Namangan va Navoiy viloyatlarida
umumiy quvvati 2 700 MVt bo‘lgan 6 ta yirik quyosh elektr stansiyalarini ishga
tushirish ta’minlansin.
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ullar etib Iqtisodiyot va moliya vazirligi (I. Norqulov)
va Energetika vazirligi (J. Mirzamaxmudov) belgilansin.
21. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi
(A. Ortiqov) bir oy muddatda:
uch oydan ortiq muddat mobaynida ochiq
savdolarda sotilmagan davlat aktivlarining boshlang‘ich bahosini 50 foizgacha
bosqichma-bosqich pasaytirish;
yer uchastkalari olti oy davomida sotilmaganda
to‘lovning 15 foizini uch oy muddatda, qolgan qismini 10 yil muddatda bo‘lib
to‘lash imkoniyatini yaratish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rsin.
22. 2024-yil 1-apreldan boshlab chegara
bojxona postlarida meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini rasmiylashtirish bo‘yicha
karantin, sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va veterinariya sohalaridagi
nazorat funksiyalari bojxona xizmati organlariga o‘tkazilsin.
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ul etib Bojxona qo‘mitasi (A. Mavlonov) belgilansin.
23. Davlat ishtirokidagi korxonalar
faoliyatida ochiqlik darajasini keskin oshirish va korporativ boshqaruvni
yanada takomillashtirish maqsadida 2024-yil 1-iyuldan boshlab davlat ulushi 50
foiz va undan yuqori bo‘lgan yirik soliq to‘lovchilar korporativ ijtimoiy
mas’uliyat (CSR) hamda ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) holati
to‘g‘risida har yili 1-iyulga qadar hisobotni jamoatchilikka oshkor etish
amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin.
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ullar etib Iqtisodiyot va moliya vazirligi (B. Xodjayev)
va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A. Ortiqov) belgilansin.
24. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni
qo‘llab-quvvatlash, eksport hajmini ko‘paytirish maqsadida O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-oktabrdagi “Raqobatbardosh mahsulotlar
ishlab chiqarishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
PQ-5262-son qarorida nazarda tutilgan
mahsulotlarga import bojxona bojining nol stavkasini qo‘llash muddati 2027-yil
1-yanvarga qadar uzaytirilsin.
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ullar etib Iqtisodiyot va moliya vazirligi (A.Y.
Xaydarov) va Bojxona qo‘mitasi (A. Mavlonov) belgilansin.
25. Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni
muhofaza qilish yo‘nalishi doirasida:
2024-yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi
doirasida kamida 200 million tup manzarali va mevali daraxt hamda butalar
ko‘chatlarini, qalamchalarini ekish, respublikada 444 ta yashil bog‘lar barpo
etish;
2024-yil 1-martga qadar suv kanallarini
rekonstruksiya qilish ishlariga Davlat budjetidan qo‘shimcha ajratilgan 500
milliard so‘m mablag‘lar doirasida kamida 1,5 ming kilometr yirik kanallarni
betonlash ishlarini yakunlash choralari ko‘rilsin.
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ullar etib tegishincha Bosh vazir o‘rinbosari — A.
Ramatov, Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh. Xamrayev), Hisob palatasi (A. Boboyev) va
Iqtisodiyot va moliya vazirligi (I. Norqulov) belgilansin.
26. Mamlakatimizda chang bo‘ronlariga qarshi
kurashish va ularning salbiy oqibatlarini yumshatish doirasida:
a) 2024-yil 1-martdan boshlab:
hududlarda chang bo‘roni sodir bo‘layotganda
va atmosfera havosida mayda dispers zarrachalari belgilangan normadan yuqori
bo‘lgani aniqlanganda aholini ogohlantirish, yurak-qon tomir va nafas yo‘llari
kasalliklariga chalingan hamda sog‘lig‘i havoning ifloslanishiga ta’sirchanligi
yuqori bo‘lgan boshqa fuqarolarni zarur profilaktik choralar to‘g‘risida doimiy
xabardor qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin;
o‘lchami 500 metr kvadrat va undan ortiq
bo‘lgan qurilish maydonlarida, unga kirib-chiqish yo‘llarida chang va qum
zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy
talablar joriy etilsin;
Toshkent shahrida yuk tashish uchun
mo‘ljallangan, ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan N2, N3, O4
toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati tig‘iz vaqt oraliqlarida
taqiqlansin. Bunda, ushbu cheklovlar maxsus xizmat shu jumladan, kommunal
xo‘jaligi, obodonlashtirish va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining
yuk transporti vositalariga tatbiq etilmasligi belgilansin;
b) 2030-yilga qadar Toshkent va Nukus
shaharlari, viloyatlar markazlarida “EVRO — 5” va undan yuqori standartlariga
muvofiq bo‘lmagan avtomashinalar ekspluatatsiyasi bosqichma-bosqich cheklansin.
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ullar etib tegishincha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza
qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi (A. Abduxakimov), Sog‘liqni saqlash
vazirligi (A. Xudayarov), Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (B.
Zakirov), Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov) va Transport vazirligi (I.
Maxkamov) belgilansin.
27. Keng jamoatchilik vakillari va ekofaollarning
ekologiyaga avtomobillar chiqindi gazlarining zararli ta’sirini kamaytirish
uchun Toshkent shahrida har oyning bir ish kuni davomida avtomobillar
harakatlanishini (jamoat transportlari, maxsus va shoshilinch yordam
xizmatlaridan tashqari) qisqartirishga qaratilgan “Avtomobilsiz kun”
jamoatchilik loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Bunda, binosi Toshkent shahrida joylashgan
barcha respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar va
boshqa xodimlari jamoat transportida ish joyiga kelishi orqali namuna ko‘rsatib
borsin.
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ullar etib Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va
iqlim o‘zgarishi vazirligi (A. Abduxakimov), Transport vazirligi (I. Maxkamov)
va Toshkent shahar hokimligi (Sh. Umurzakov) belgilansin.
28. Qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq
xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish yo‘nalishi doirasida 2024-yil
1-mayga qadar:
adashgan yoshlarni jamiyatga integratsiya
qilish, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish maqsadida Yoshlar
ittifoqi kafilligi asosida jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod
qilingan yoshlarni probatsiya hisobidan chiqarish amaliyoti joriy etilsin va
ularni profilaktik hisobga olish asoslari keskin qisqartirilsin;
yo‘l harakati qoidalari buzilishi holati
yuzasidan yuboriladigan qaror va xabarnomalar bo‘yicha Yo‘l harakati
xavfsizligi xizmatiga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali
elektron murojaat qilish imkoniyati yaratilsin.
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ullar etib Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov), Yoshlar
ishlari agentligi (A. Sa’dullayev) va Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh.
Shermatov) belgilansin.
29. Mahallani jamoatchilik va davlat organlari
o‘rtasidagi tayanch bo‘g‘inga aylantirish maqsadida:
2024-yil 1-apreldan boshlab “Tashabbusli
budjet” doirasidagi loyihalarni tashabbuskorlar, mahalla raisi va faollarining
ish sifati yuzasidan roziligi olinganidan keyingina foydalanishga qabul qilish
tartibi joriy etilsin;
2024-yil 1-avgustga qadar fuqarolarning o‘zini
o‘zi boshqarish organlariga “Tashabbusli budjet” doirasida amalga
oshirilayotgan loyihalar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlaridan
ma’lumotlar olish, mablag‘larning o‘z vaqtida va to‘liq ajratilishini talab
qilish hamda loyihalar amalga oshirilishini jamoatchilik tomonidan monitoring
qilish imkoniyati yaratilsin.
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ullar etib Iqtisodiyot va moliya vazirligi (A.Y. Xaydarov)
va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi (K. Kuranbayev) belgilansin.
30. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat
budjeti va mahalliy budjetlar daromadlari hamda amalga oshirilgan va
rejalashtirilayotgan xarajatlar bo‘yicha moliyaviy hujjatlarga asoslangan
yillik va yarim yillik hisobotlarni aholi e’tiboriga tushunish uchun oson
usulda o‘z rasmiy veb-saytida e’lon qilib borish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin.
31. “Xavfsiz va tinchliksevar davlat”
tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish yo‘nalishi bo‘yicha
Qurolli Kuchlar, sohaga mas’ul boshqa vazirlik va idoralarning kiberxavfsizlik
hamda epidemiologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha salohiyatini keskin
oshirish maqsadida:
kiberxavfsizlik infratuzilmasining muhim
elementlari hisoblanuvchi axborot tizimlari attestatsiyasi va ekspertizasi
uchun har bir vazirlik va idorada mas’ul shaxslar javobgarligi belgilansin;
mazkur yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash
bo‘yicha o‘quv dasturlari va o‘qitish metodikalarini zamonaviy tahdid va
tajribadan kelib chiqqan holda takomillashtirish choralari ko‘rib borilsin;
mamlakatimizning raqamli va harbiy-tibbiy
infratuzilmasini takomillashtirish, mas’ul idoralarni zamonaviy texnika va
tibbiyot apparaturalari bilan bosqichma-bosqich ta’minlash dasturi amalga
oshirilsin;
fuqarolar shaxsiy ma’lumotlarining himoyasini
kafolatli ta’minlash bo‘yicha, shuningdek bank va to‘lov tizimlari uchun
firibgarlikka qarshi va zamonaviy biometrik tizimlar joriy etilsin.
Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz
bajarilishi uchun mas’ullar etib Mudofaa vazirligi (B. Kurbanov), Ichki ishlar
vazirligi (P. Bobojonov), Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh. Shermatov) va
Markaziy bank (N. Sa’dullayev) belgilansin.
32. Quyidagilar:
Strategik islohotlar agentligi Adliya
vazirligi, Hisob palatasi bilan birgalikda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida yo‘nalishlar
bo‘yicha amaliy tadbirlar rejalari bajarilishini, maqsadli ko‘rsatkichlarga
erishilishini va tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab
chiqilishini tizimli monitoring qilib borsin;
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi va
“Yuksalish” harakati Davlat dasturining amalga oshirilishini, shu jumladan
joylarga chiqib, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda tanqidiy o‘rganib
borsin va natijalari bo‘yicha har oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga
axborot kiritsin.
Davlat hokimiyati organlari, vazirlik va
idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari “Taraqqiyot strategiyasi” markazi
va “Yuksalish” harakatining mazkur band ijrosi bo‘yicha faoliyatiga har
tomonlama ko‘maklashib borsin.
33. Vazirlar Mahkamasi:
har oy yakuni bo‘yicha Davlat dasturi ijrosi
yuzasidan ma’lumotlarni umumlashtirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Administratsiyasiga kiritib borsin;
har chorak yakuni bo‘yicha Davlat dasturida
yuklatilgan vazifalarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishini Vazirlar
Mahkamasining Rayosati yig‘ilishida muhokama qilib borsin;
har yarim yilda Davlat dasturi ijrosi
yuzasidan hisobotlarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritib borsin.
34. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar
agentligi (A. Xodjayev), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.
Djurabayev) va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A. Ko‘chimov) ommaviy
axborot vositalari bilan birgalikda muntazam ravishda:
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2024-yilda amalga oshirish
natijalari ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Internet tarmog‘ida va
ijtimoiy tarmoqlarda keng sharhlab borilishini hamda uning mazmun-mohiyati
jamoatchilikka tushuntirilishini;
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida amalga
oshirilayotgan barcha tadbirlarning borishi va natijalari to‘g‘risidagi xolis
va to‘liq ma’lumotlar aholiga tezkorlik bilan yetkazilishini ta’minlasin.
35. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil
qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib vazirlik va idoralar rahbarlari,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent
shahar hokimlari belgilansin.
Mazkur Farmon ijrosini muntazam ravishda
muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini
muvofiqlashtirish va nazorat qilish “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha
Respublika komissiyasi zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida
har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh., 2024-yil 21-fevral, PF-37-son