Maxsus iqtisodiy zonalar va ularning imtiyozlari haqida tushintirish
Maxsus iqtisodiy zonalarning
faoliyat koʻrsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi
munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 17-fevraldagi “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisidagi” OʻRQ604-sonli
Qonuni bilan tartibga solinadi.
Maxsus iqtisodiy zona — tegishli hududni jadal ijtimoiy-iqtisodiy
rivojlantirish uchun chet el investitsiyalari va mahalliy investitsiyalarni,
yuqori texnologiyalar hamda boshqaruv tajribasini jalb etish maqsadida maxsus
ajratilgan, belgilangan chegaralarga va maxsus huquqiy rejimga ega boʻlgan
hudud.
Maxsus iqtisodiy zonalar quyidagi turda tashkil etilishi mumkin:
erkin iqtisodiy zonalar;
maxsus ilmiy-texnologik
zonalar;
turistik-rekreatsion
zonalar;
erkin savdo zonalari;
maxsus sanoat zonalari.
Erkin iqtisodiy zona - yangi ishlab chiqarish quvvatlarini
barpo etish, yuqori texnologik ishlab chiqarishni rivojlantirish, zamonaviy
raqobatbardosh, import oʻrnini bosuvchi, eksportga yoʻnaltirilgan tayyor sanoat
mahsulotini ishlab chiqarishni oʻzlashtirishga faol jalb etish, shuningdek
ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yoʻl-transport, ijtimoiy
infratuzilmani va logistika xizmatlarini rivojlantirishni taʼminlash
maqsadlarida tashkil etiladigan hudud.
Maxsus ilmiy-texnologik zona - innovatsiya infratuzilmasini
rivojlantirish maqsadlarida ilmiy tashkilotlar va ilmiy faoliyat sohasidagi
boshqa tashkilotlar (texnologik parklar, texnologiyalarni tarqatish
(texnologiyalar transferi) markazlari, innovatsion klasterlar, venchur
fondlari, biznes-inkubatorlar va boshqalar) toʻplangan hudud.
Turistik-rekreatsion zona - unda zamonaviy turistik infratuzilma
obyektlarini (mehmonxona komplekslari, madaniy-sogʻlomlashtirish,
savdo-koʻngilochar va boshqa turistik ahamiyatdagi obyektlarni), maxsus
faoliyat koʻrsatuvchi va mavsumiy rekreatsion dam olish zonalarini turistlarga
xizmat koʻrsatish maqsadida zarur shart-sharoitlarni taʼminlagan holda barpo
etishga doir investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun tashkil etiladigan
hudud.
Erkin savdo zonalari konsignatsiya omborlarini, maxsus
bojxona va soliq rejimlari boʻlgan hududlarni, shuningdek tovarlarga ishlov
berish, ularni
oʻrab-joylash, saralash, saqlash uchun maydonchalarni oʻz ichiga oladi.
Erkin savdo zonalari
chegara punktlarida, aeroportlarda, temir yoʻl bogʻlamalarida yoki Oʻzbekiston
Respublikasining boshqa bojxona hududlarida tashkil etiladi.
Maxsus sanoat zonasi — boshqaruv, xoʻjalik va moliyaviy
faoliyatning alohida rejimi joriy etiladigan hudud. Maxsus sanoat zonalari
zarur maʼmuriy, ilmiy-texnologik, ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya,
yoʻl-transport va ijtimoiy infratuzilmani barpo etish uchun yer uchastkalarini
ajratish orqali shakllantiriladigan xizmat koʻrsatish va ishlab chiqarish
zonalarini oʻz ichiga oladi.
Maxsus sanoat zonasining
faoliyat koʻrsatish qoidalari va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar
Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Maxsus iqtisodiy zonalar hududida amalga oshirish uchun
taklif etiladigan investitsiya loyihalariga doir umumiy talablar jumlasiga quyidagilar kiradi:
arxitektura va qurilish,
texnik jihatdan tartibga solish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish,
mehnatni muhofaza qilish hamda sanoat xavfsizligi sohasidagi qonunchilik
hujjatlari talablariga muvofiqlik;
moliyalashtirish
manbalarining mavjudligi;
maxsus iqtisodiy zona
faoliyatiga va tarmoq ixtisoslashuviga muvofiqlik;
texnologik uskunalar va
texnologik jarayonlar koʻrsatkichlarining zamonaviy energiya samaradorligi
talablariga muvofiqligi.
Erkin
iqtisodiy zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etiladigan investitsiya
loyihalariga doir alohida talablar jumlasiga quyidagilar kiradi:
Investitsiya
buyurtmanomasi topshirilgan paytda erkin iqtisodiy zonalar hududida amalga
oshirish uchun taklif etiladigan investitsiya loyihalari Oʻzbekiston
Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan yoki Oʻzbekiston Respublikasida ishlab
chiqarish hajmlari ichki bozorning ehtiyojlarini qoplamaydigan yangi mahsulot
turlarini ishlab chiqarishni nazarda tutgan boʻlishi kerak.
Erkin iqtisodiy zonalar
hududida amalga oshirish uchun taklif etiladigan investitsiya loyihalari
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatining tovar nomenklaturasi
kodi boʻyicha yakuniy mahsulot tovar pozitsiyasining dastlabki toʻrtta
belgilaridan birining darajasida boshlangʻich xom ashyoga nisbatan oʻzgarishini
yoki qoʻshilgan qiymatga ega mahsulot hajmining kamida oʻttiz foiz darajasida
koʻpayishini nazarda tutishi kerak.
Erkin iqtisodiy zonalarda
raqobat muhiti yaratilgan, ichki bozor toʻyingan yoki ishlab chiqarish hajmlari
ichki bozor ehtiyojlarini qoplaydigan oʻxshash mahsulot ishlab chiqaradigan
mahalliy ishlab chiqaruvchilar mavjud boʻlgan mahsulot turlarini ishlab
chiqarishga doir investitsiya loyihalari amalga oshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tegishli vakolatli
organlarning Oʻzbekiston Respublikasida oʻxshash mahsulot ishlab chiqaruvchi
mahalliy ishlab chiqaruvchilar mavjud emasligi, ishlab chiqarish hajmlari
yetishmasligi va raqobat muhiti darajasi toʻgʻrisidagi xulosalari keyinchalik
erkin iqtisodiy zonaning maʼmuriy kengashiga taqdim etish uchun erkin iqtisodiy
zona direksiyasi tomonidan mustaqil ravishda soʻrab olinadi.
Ushbu talablar toʻliq
eksportga yoʻnaltirilgan investitsiya loyihalari uchun tatbiq etilmaydi.
Maxsus ilmiy-texnologik zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif
etiladigan investitsiya loyihalari quyidagi talablarga muvofiq boʻlishi kerak:
roʻyxatdan oʻtgan patent
huquqlarining mavjudligi;
ilmiy-texnik yangilik va
ishlab chiqariladigan mahsulotning koʻp ilmiy izlanishni talab qilishi (tovarlarning
xususiyatiga koʻra mutlaqo yangi yoki ilgari ishlab chiqarilgan oʻxshash
tovarning xususiyatlaridan jiddiy farq qilsa yoki tovarning isteʼmol
xossalariga koʻra mavjud boʻlgan shunday tovarlarga nisbatan yaxshilangan
boʻlsa yoki bevosita oʻxshashlari mavjud boʻlmagan taqdirda, sifat jihatidan
yangicha isteʼmol (funksional) xususiyatlariga ega boʻlsa, shu jumladan
tovarning raqobatbardoshligini oshiradigan yoxud tovarni qoʻllashning bunday
tovardan foydalanish sohasini kengaytirish imkonini beradigan yangi usuli
aniqlangan boʻlsa).
Tegishli vakolatli
organlarning roʻyxatdan oʻtgan patent huquqlari mavjudligi va ilmiy-texnik
yangilikning mavjudligi hamda yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarilishi
toʻgʻrisidagi xulosalari keyinchalik erkin iqtisodiy zonaning maʼmuriy
kengashiga taqdim etish uchun erkin iqtisodiy zona direksiyasi tomonidan
mustaqil ravishda soʻrab olinadi.
Turistik-rekreatsion
zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etiladigan investitsiya
loyihalariga doir alohida talablar:
Turistik-rekreatsion
zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etiladigan investitsiya
loyihalari turistik industriya
obyektlarining barpo etilishini, turistik xizmatlarni tashkil etish chogʻida
turistlar xavfsizligi va sogʻligʻining muhofaza qilinishini taʼminlash
chora-tadbirlarini, shu jumladan turistik industriya obyektlarini videokuzatuv,
favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda ogohlantirish (xabar qilish) va
zarur yordam koʻrsatish tizimlari bilan jihozlash orqali taʼminlash
chora-tadbirlarini nazarda tutishi kerak.
Soliq kodeksi bilan maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilariga kiritilgan investitsiyalar
hajmiga qarab, mol-mulk soligʻidan, yer soligʻidan va suv
resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan Oʻzbekiston
Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilangan muddatga ozod qilish
tarzida soliq imtiyozlari berilgan.
Maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilari foyda soligʻini toʻlashdan oʻzi kiritgan
investitsiyalar hajmiga qarab:
3 million AQSH dollaridan 5 million AQSH dollarigacha boʻlgan
miqdordagi investitsiyalar uchun - 3 yil muddatga;
5 million AQSH dollaridan 15 million AQSH dollarigacha boʻlgan
miqdordagi investitsiyalar uchun - 5 yil muddatga;
15 million AQSH dollari va undan yuqori miqdordagi investitsiyalar uchun - 10 yil muddatga ozod etiladi.
Mazkur soliq imtiyozlari faqat investor (investorlar)
va Maxsus iqtisodiy zona direksiyasi oʻrtasida tuzilgan Maxsus iqtisodiy zona
hududiga investitsiya kiritish toʻgʻrisidagi bitimda nazarda tutilgan maxsus
iqtisodiy zona ishtirokchisining faoliyati
turlariga nisbatan tatbiq etiladi.
Maxsus iqtisodiy zonalarning
ishtirokchilari qoʻshilgan qiymat soligʻi va boshqa soliqlar boʻyicha
imtiyozlardan Soliq kodeksiga muvofiq foydalaniladilar.
Soliq imtiyozlarining amal qilish muddati maxsus
iqtisodiy zona ishtirokchisining guvohnomasi olingan
kundan eʼtiboran hisoblab chiqariladi.
Foyda soligʻi boʻyicha imtiyozlarning amal qilish muddati maxsus iqtisodiy zona
hududida ishlab chiqarish (xizmatlar koʻrsatish) obyekti foydalanishga qabul qilingan sanadan eʼtiboran
hisoblanadi.
Maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi maqomidan mahrum etilganda tadbirkorlik subyekti maxsus
iqtisodiy zona ishtirokchilariga beriladigan soliq imtiyozlari va boshqa
preferensiyalardan maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomidan mahrum
etilgan oyning birinchi kunidan eʼtiboran foydalanishga haqli emas.
Agar maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi investitsiyalar hajmini
soliq imtiyozlarining uzoqroq amal qilish muddatini nazarda tutadigan
miqdorgacha oshirsa, u investitsiyalarning haqiqiy hajmiga muvofiq soliq
imtiyozlarining amal qilish muddatini
uzaytirishga haqli. Bunda, agar investitsiyalar
hajmining oshishi imtiyozlarning avvalgi amal qilish muddati tugaganidan keyin
amalga oshirilsa, soliq imtiyozlari imtiyozlarning uzoqroq amal qilish
muddatiga boʻlgan huquq yuzaga kelgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan
eʼtiboran qoʻllaniladi.