Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisi boshlandi.
Kun tartibidan yangilangan Konstitutsiyamizga muvofiq, ilk bor quyi palatada Bosh vazir lavozimiga nomzod va Hukumatning kelgusi 5-yilga moʻljallangan harakatlar dasturini koʻrib chiqish masalalari oʻrin olgan.
Asosiy masalaga oʻtishdan oldin Prezidentimiz oʻtgan 5 yilda har tomonlama puxta oʻylab qabul qilingan dasturlar ijrosi qanday taʼminlangani haqida toʻxtalib oʻtdi.
Avvalo, Oʻzbekiston iqtisodiyoti 2 karra oʻsib, 100 milliard dollarlik tarixiy marradan oshdi. Aholi jon boshiga daromad 3 ming dollarga yetishi kutilmoqda (2018-yilda – 1 ming 600 dollar boʻlgan).
Xususan, Jahon banki 2024-yilda Oʻzbekiston Yevropa va Markaziy Osiyoda iqtisodiyoti eng tez oʻsayotgan 3 ta davlat qatoridan joy olganini eʼtirof etdi.
Kambagʻallik darajasi soʻnggi 4 yilda 23 foizdan 11 foizga tushdi. Bu yil 9 foizga tushishi kutilmoqda.
Eksport qariyb 2 barobar oʻsib, ilk bor 25 milliard dollardan, oltin-valyuta zaxiralarimiz esa 40 milliard dollardan oshdi. Oʻzlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 6 karra koʻpayib, buning hisobiga 1,5 millionta yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratildi. Yalpi ichki mahsulotda investitsiyalar ulushi 30 foiz darajasida taʼminlanganligi taʼkidlandi.