Buxoro viloyat soliq boshqarmasida “9-dekabr Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.
Unda Buxoro Davlat universitetining iqtisodiyot yo‘nalishi 1-bosqich talabalari hamda professor o‘qituvchilari ishtirok etishdi.
Tadbirning birinchi qismida talaba yoshlar soliq boshqarmasida soliq to‘lovchilar uchun yaratilgan sharoitlar hamda soliq xizmati xodimlarining ish jarayonlari va sohaning o‘ziga xos jihatlari bilan yaqindan tanishdilar.
Uchrashuvda soliq boshqarmasining Shaxsiy xavfsizlik bo‘limi mas’ullari tadbir ishtirokchilariga bugungi kunda soliq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, soliq xizmati organlari xodimlarining “korxonabay” va “mahallabay” ishlash jarayonlari yuzasidan tushuntirishlar berdilar. Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan malakali javoblar oldilar.
Tadbirning ikkinchi qismi ishtirokchilar uchun yanada qiziqarli bo‘ldi. Chunki, uchrashuvda viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i D.Yuldashevning shaxsan o‘zi ishtirok etib, yig‘ilganlarga sohadagi o‘zgarishlar va yangiliklar haqida, xususan soliq xizmati organlariga malakali kadrlarni tanlash va ularni joyiga qo‘yish hamda soliq idoralarida korrupsiyaviy jihatlarga barham berish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.
Tadbir yakunida ilg‘or talabalarga viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘ining esdalik sovg‘alari topshirildi hamda viloyat soliq boshqarmasi bilan doimiy hamkorlikda bo‘lib kelayotgan Buxoro davlat universiteti iqtisodiyot yo‘nalishi professor o‘qituvchilariga tashakkurnomalar bildirildi.
Buxoro viloyati soliq boshqarmasi
Matbuot xizmati