Soliq qo‘mitasi Raisi Sherzod Kudbiyev boshchiligidagi delegatsiya Rossiya Federatsiyasiga tashrifi (https://t.me/soliqnews/14799) doirasida Ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish markaziga (CRPT) tashrif buyurdi.
Uchrashuv davomida CRPT boshqaruvi raisi Mixail Dubin raqamli markirovkalash jarayonlariga eng so‘nggi texnologiyalarni joriy etish, rivojlanish rejalari haqida ma'lumot berdi. Shuningdek, gazlangan ichimliklar ishlab chiqaruvchi yirik korxonalarga yordam berish uchun O‘zbekistonga ekspertlar guruhini yuborishni taklif qildi.
Soliq qo‘mitasi Raisi Sherzod Kudbiyev O‘zbekistonda tovarlarni majburiy raqamli markirovkalashni joriy etishdagi yutuqlar, uning soliq solinadigan bazani oshirish va kontrafakt mahsulotlarning bozorga kirib kelishining oldini olishdagi samaradorligini ta’kidlab o‘tdi.
Shu bilan birga, raqamli markirovkalashni faqatgina tadbirkorlar manfaatlarini hisobga olgan holda, ularning ishlab chiqarish hajmiga ta’sir ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymasdan, ishlab chiqaruvchilarni tezkor va har tomonlama texnik, axboriy qo‘llab-quvvatlagan tarzda joriy etilish lozimligi qayd etildi.
Mahsulotni kuzatib borish tizimini takomillashtirish, mahsulot qoldiqlari haqida real vaqt rejimida axborot olish, shuningdek, markirovkalangan mahsulotlarni realizatsiya qilishda markirovkalash ma’lumotlari asosida tegishli maydonlarni avtomatik to‘ldirish orqali elektron hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirishni soddalashtirish zarurligi muhokama qilindi.
Tomonlar joriy yil davomidagi samarali hamkorlik uchun o‘zaro minnatdorchilik bildirib, kelgusi yil uchun istiqboldagi rejalarini belgilab oldilar.