Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-dekabrda PF-223-son Farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmonga asosan, tuman (shahar) mahalliy budjetlarining xarajatlarini bosqichma-bosqich toʻliq oʻz daromadlari va ichki manbalari hisobidan qoplashga erishish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati organlariga quyidagi moliyaviy imkoniyat va vakolatlar berilmoqda:
2025‑yil 1‑yanvardan aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi, davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushumlarni toʻliq hajmda hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi tushumlarining kamida 50 foiz qismini tuman (shahar)lar budjetlariga oʻtkaziladigan boʻldi.
(Budjet kodeksiga asosan Budjet Respublika va Mahalliy byudjetlarga boʻlinadi, Mahalliy byudjetga Qoraqalpogʻiston Respublika,Toshkent shahri, viloyatlar va ularning byudjeti shahar va tumanlari byudjetlari kiradi, ilgari mahalliy byudjetga tushgan soliqlar viloyat, shahar tuman byudjetlari, Toshkent shahar va tumanlar byudjetlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va shahar tumanlari oʻrtasida taqsimlanar edi.Endilikla mazkur taqsimotda mahalliy byudjetga tushadigan soliqlarning shahar tuman byudjetlariga minimal ulushi aniq koʻrsatib qoʻyildi. Masalan yer mulk soliqlari yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi shahar tuman byudjetlariga 100 foiz tushadi, Toshkent shahar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar byudjetiga ajratma ajratilmaydi)
-mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli boʻlgan aksiyalar (ulushlar)ni sotishdan tushgan mablagʻlarning 90 foizi Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetiga va Toshkent shahrining shahar budjetiga hamda obʻyekt joylashgan tuman (shahar) budjetiga teng ulushlarda taqsimlanadi (Ilgari (shahar) byudjetiga mablagʻlar qoldirilmagan).
Farmonga koʻra, 2025-yildan quyidagilarga ruxsat beriladi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga:
-tuman (shahar)larning iqtisodiy rivojlanish darajasidan kelib chiqib, YaTTlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining eng kam va eng yuqori qatʻiy belgilangan stavkalari doirasida tuman (shahar)lar kesimida YaTTlarga qatʻiy soliq stavkalari miqdorini belgilash;
(Ilgari soliq stavkasi Soliq kodeksining 383-moddasiga asosan qaʼtiy miqdorda belgilab berilar, har yili byudjet parametrlari qabul qilinishi munosabati bilan mazkur moddaga oʻzgarish kiritilib borilar edi. Endilikda eng yuqori va eng kam stavkalar belgilanib, qaysi hududga minimal va maksimal stavkalar oʻrtasidagi miqdorda stavkani aniq belgilash vakolati Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga berildi).
-soliq solish maqsadida qoʻllanadigan koʻchmas mulk ijara qiymatining 1 metr kvadrat uchun oʻrnatilgan minimal miqdorlariga nisbatan tuman (shahar)lar kesimida 2 barobargacha oshiruvchi koeffitsiyent, xususan, Toshkent shahrida ushbu oshiruvchi koeffitsiyentni yer soligʻi kabi zonalar kesimida qoʻllash. (OʻRQ 886ga asosan soliq solish maqsadida ijara toʻlovlarining eng kam stavkalari belgilab berilgan edi, endilikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga 2 barobarga oshirish vakolati berildi).
Xalq deputatlari tuman (shahar)lar kengashlariga:
-suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga 0,7 barobardan 1,5 barobargacha kamaytiruvchi yoki oshiruvchi koeffitsiyent qoʻllash;
-noruda qurilish materiallari boʻyicha yer qaʻridan foydalanganlik uchun soliqning qatʻiy belgilangan stavkalariga 1,3 barobargacha oshiruvchi koeffitsiyent belgilash vakolatlarini berish.
(Oldin suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga 0,7 barobardan 1,5 barobargacha kamaytiruvchi yoki oshiruvchi, hamda noruda qurilish materiallari boʻyicha yer qaʻridan foydalanganlik uchun soliqning qatʻiy belgilangan stavkalariga 1,3 barobargacha oshiruvchi koeffitsiyent mavjud emas edi).
Soliq solish metodologiyasi departamenti